UZ

Fargʻona tumani

Fargʻona tumani — Oʻzbekiston Respublikasining Fargʻona viloyatidagi tuman. 1926-yil 29-sentabrda tashkil qilingan. 1962-yil 24-dekabrda Quva tumaniga qoʻshib yuborilgan. 1964-yil 22-fevralda qayta tuzilgan. Shim.dan Margʻilon va Fargʻona shaharlari, sharqdan Quva tumani va Quvasoy shahri, jan.sharq va jan.dan Qirgʻiziston Respublikasi, shim.gʻarbdan. Oltiariq tumani bilan chegaradosh. Maydoni 0,62 ming km². Aholisi 168,5 ming kishi (2004). Tumanda 2 ta shaharcha ( Vodil va Chimyon), 13 fuqarolar yigʻini (Avval, Gulshan, Damkoʻl, Vodil, Kaptarxona, Logʻon, Soyboʻyi, Mindon (30 maktabda oʻqiganman), Navkat, Oqbilol, Xonqiz, Chekshoʻra, Chimyon) bor. Tuman markazi – Vodil shaxarchasi.[1]

Fargʻona tumani
Ферганский район
tuman
Tarkibida Fargʻona viloyati
Maʼmuriy markazi Vodil
Rasmiy tillar Oʻzbek
Soat mintaqasi UTC+5

. . . Fargʻona tumani . . .

Tuman hududi viloyatning jan. qismida, PomirOlay togʻlari etaklarida joylashgan. Relyefi jan.da qiradirlar (Xontaxt, Sariquchma, Kattakam, Kichikkam, Nomozgoʻy, Xirmonjoy) bilan band. Togʻlardan Oltiariqsoy, Fayzobodsoy, Chimyonsoy oqib tushadi. Shim., asosan, tekislikdan iborat. Foydali qazilmalardan neft, tabiiy gaz, ohaktosh, marmar bor. Mineral buloq koʻp. Iklimi kontinental. Yanvarning oʻrtacha temperaturasi –2,7°, eng past temperatura –27°. Iyulning oʻrtacha temperaturasi 26,4°, eng yuqori temperatura 42°. Yillik yogʻin miqdori 174 mm. Vegetatsiya davri 240 kun.

Tuproqlari, asosan, oʻtloqi boʻz tuproq. Yovvoyi oʻsimliklardan shuvoq, yantoq, qovul, yalpiz, changal, lolaqizgʻaldoq, bangidevona, ajriq, ituzum, itqoʻnoq, burgan, boʻztikan, otquloq, ayiqtovon, qoʻzgʻa, qamish, doʻlana, shoʻra va boshqa usadi. Yovvoyi hayvonlardan boʻri, chiyaboʻri, tulki, sugʻur, quyon, jayran, qobon, jayra, yumronqoziq, kalamush, har xil ilonlar, echkemar, sichqon; qushlardan kaklik, bedana, bulbul, oʻrdak, gʻoz, kaptar, laylak, musicha, chumchuq, qaldirgʻoch, mayna, zagʻizgʻon, olaqargʻa, sor, qirgʻiy, qizilishton, toʻrgʻay, zargʻaldoq, qarqunoq, boyoʻgʻli va boshqa qushlar bor.

Aholisi, asosan, oʻzbeklar, shuningdek, tojik, rus, tatar, qirgʻiz va boshqa millat vakillari xam yashaydi. Aholining oʻrtacha zichligi 1 km² ga 271,8 kishi. Shahar aholisi 3,4 ming kishi, qishloq aholisi 165,1 ming kishi (2004).

Tumanda sanoat korxonalari, shu jumladan, taʼmirlashmexanika zavodi (Chimyon), MTP, maishiy xizmat koʻrsatish korxonalari, 394 kichik, 2 qoʻshma korxona, pillani qayta ishlash zavodi va boshqa bor. Qishloq xoʻjaligi paxtachilik, sabzavotchilik, polizchilik, bogʻdorchilik (ayniqsa, malinasi mashhur), chorvachilik va pillachilikka ixtisoslashgan. Shirkat xoʻjaliklari, 293 fermer xoʻjaligi mavjud. Tuman xoʻjaliklarida paxta, kartoshka, sabzavot, don, ozuqa ekinlari ekiladi. Tumandagi shaxsiy va jamoa xoʻjaliklarida qoramol, qoʻy va echki, parranda boqiladi.

61 umumiy taʼlim, musiqa maktablari, litsey, 4 kasbhunar kolleji, markaziy kutubxona va uning tarmoqlari, madaniyat uyi, 11 klub muassasasi, 2 muzey ishlab turibdi. Markaziy stadion, sport zallari, futbol maydonlari bor. Markaziy kasalxona, poliklinika, tugʻruqxona, qishloq vrachlik punktlari, dorixonalar va boshqa tibbiy muassasalar faoliyat koʻrsatadi. “Chimyon”, “Zilol”, “Nurafshon” va boshqa sanatoriylar ishlab turibdi. Fargʻona–Shohimardon, Vodil–Oltiariq avtomobil yoʻllari oʻtgan. 1932-yildan “Shonli mehnat” tuman gazeta nashr etiladi.

. . . Fargʻona tumani . . .

This article is issued from web site Wikipedia. The original article may be a bit shortened or modified. Some links may have been modified. The text is licensed under “Creative Commons – Attribution – Sharealike” [1] and some of the text can also be licensed under the terms of the “GNU Free Documentation License” [2]. Additional terms may apply for the media files. By using this site, you agree to our Legal pages . Web links: [1] [2]

. . . Fargʻona tumani . . .

Back To Top